Termiz arxeologiya muzeyining rasmiy web sahifasiga xush kelibsiz!

Termiz arxeologiya muzeyi O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi va loyihasi bo'yicha Termiz shahrining 2500 yillik yubileyi munosabati bilan viloyat hokimining 2001 yil 26 noyabrdagi 218-sonli qarori asosida tashkil etilgan. Muzeyning rasman ochilgan kuni 2002 yil 2 aprel.

Termiz arxeologiya muzeyi mamlakatimizda yagona arxeologiya yo'nalishdagi muzey bo'lib, ixtisoslashgan muzeylar sirasiga kiradi. Bu muzey qadim Surxon vohasining ko'p ming yillik tarixini o'zida jonlantiruvchi shahrimizning eng diqqatga sazovor maskanlaridan biri hisoblanadi.

Termiz arxeologiya muzeyi kirish zali, 9 ta asosiy ko'rgazma zallari, numizmatika ko'rgazma zali, yapon arxeolog olimi Kato Kyudzoga bag'ishlangan ko'rgazma zali, kichik ko'rgazmalar zali va ayvon osti galereyasidan iborat. Shuningdek, muzeyda nodir qo'lyozmalar va adabiyotlar saqlanadigan kutubxona ham mavjud.

  • Kirish zal qismida bronza davridan (mil.avv. 3-2 ming yillik) eramizning XV asrigacha bo'lgan davr topilmalari o'rin olgan;
  • Kato Kyudzo ko'rgazma zali - Yaponiyalik olim Kato Kyudzoning hayoti va ilmiy tadqiqotlariga bag'ishlangan ko'rgazma zal hisoblanadi
  • I zal - “Surxon vohasi tosh davrida” (100-3 ming yilliklar) deb nomlanadi. Paleolit, mezolit, neolit va eneolit davrlariga oid bo'lgan ekponatlar ushbu zaldan o'rin olgan.
  • II zal - “Surhon vohasi bronza davrida” ( mil avv. 3-2 ming yilliklar) deb nomlanadi va shu davrga oid topilmalar namoyish etiladi.
  • III zal - “Qadimgi Baqtriya madaniyati” (mil.avv. I ming yillik boshlari– mil.avv. IV asr oxiri) deb nomlanib, Surxon vohasining so'nggi bronza va ilk temir davrlariga oid bo'lgan moddiy madaniyat namunalaridan tarkib topgan.
  • IV zal - Baqtriyaning makedoniyalik Aleksandr va Ellinistik davlatlar davri madaniyati (mil.avv. 329 yil – mil.avv. II asr o'rtalari) zali vohamiz hududiga Aleksandr Makedonskiyning bostirib kelishidan to Yunon-Baqtriya podsholigining parchalanishigacha bo'lgan davr oralig'idagi eksponatlarni o'zida mujassam etgan.
  • V zal - "Qadimgi Baqtriyaning Kushon podsholigi davri madaniyati" (mil.avv. I-milodiy III asrlar) deb nomlanadi va shu davrga oid eksponatlar joylashgan.
  • VI zal - "Shimoliy Tohariston ilk o'rta asrlar davrida" deb nomlanadi. Bu zalda IV-VIII asrlarga oid bo'lgan topilmalar o'rin egallagan.
  • VII zal - "Shimoliy Tohariston rivojlangan o'rta asrlar darvida" (IX-XIII asrlar birinchi choragi) deb nomlanib, shu davrga mansub eksponatlar joylashtirilgan.
  • VIII zal - "Termiz va Chag'aniyonning Amir Temur va Temuriylar davlati davri madaniyati" (1370 yil XVI asr boshlari) deb nomlanib, shu davrlarga oid arxeologik ashyolar tomoshabinlar e'tiboriga havola etiladi.
  • IX zal - “Surhon vohasi XVI – XX asr boshlarida” deb nomlanadi va shu davrga oid bo'lgan moddiy madaniyatimiz durdonalari ushbu zaldan joy olgan.
  • Numizmatika ko'rgazma zalida qimmatbaho buyumlar va numizmatikaga oid topilmalar o'rin egallagan.
  • Ayvon osti galereyasida yirik hajmdagi eksponatlar joylashgan.
  • Kutubxonada 3700 dan ortiq qo'lyozmalar, tarixiy adabiyotlar va badiiy kitoblar mavjud.

2020 yil holatida Termiz arxeologiya muzeyi fondidagi jami eksponatlar soni 100 mingdan ortiqni tashkil etadi. Shundan, 70 mingdan ziyot arxeologiyaga oid eksponatlar bo'lsa, 30 mingga yaqini numizmatika fondiga tegishli eksponatlar hisoblanadi.







Muzey faoliyati

Termiz arxeologiya muzeyiga har yili o'rtacha 80 mingga yaqin mahalliy tomoshabinlar va xorijlik sayyohlar tashrif buyuradi. Muzey ekskursovodlari va ilmiy xodimlari tashrif buyurgan tomoshabinlarga o'zbek, rus, ingliz va tojik tillarida qiziqarli va mazmunli ekskursiyalar o'tishadi.

Termiz arxeologiya muzeyida 4 ta bo'lim: “Turizm va marketing”, “Noshirlik ishlari va axborot texnologiyalarini yuritish”, “Harakatdagi ko'rgazmalar”, “Muzey ashyolari va kolleksiyalarini ro'yxatga olish va hisob-kitobini yuritish” bo'limlari faoliyat yuritadi. Shuningdek, ilmiy yo'nalishdagi faoliyat bo'yicha 4 ta katta ilmiy hodim, 3 ta ilmiy hodimlar faoliyat olib boradi.

Termiz arxeologiya muzeyi nafaqat muzey eksponatlarini namoyish etib tomoshabinlarga xizmat qiladi, Balki, ilmiy-arxeologik tadqiqot ishlarini ham olib boradi. Muzey tomonidan Surxon vohasidagi Eski Termiz, Qoratepa, Fayoztepa, Dalvarzintepa, Chingiztepa, Tallitag'ora, Sulton Saodat maqbaralar majmui, Oqostona bobo kabi arxeologiya va me'moriy yodgorliklarida arxeologik qazishma ishlari amalga oshirilgan. Ushbu qazishmalar jarayonida qo'lga kiritilgan topilmalar nafaqat muzey fondini boyitishga xizmat qiladi, bundan tashqari, muzey ilmiy xodimlari tomonidan tadqiq etilib, natijalari respublikamizning nufuzli ilmiy nashrlarida chop etib boriladi.