Biz ta'rifini keltirmoqchi bo'lgan isiriqdon Termiz arxeologiya muzeyining “Shimoliy Toxaristonning ilk o'rta asrlar davri madaniyati” nomli ko'rgazma zalida namoyishga qo'yilgan. Mazkur isiriqdon arxeolog 1965 yilda L.I.Al`baum tomonidan hozirgi Surxondaryo viloyati Angor tumanida joylashgan Bolaliktepa yodgorligidan topilgan. Isiriqdon loydan ishlangan va kulolchilik charxida yaxshi pishirilgan. Konussimon shakldagi tanasi taglik (podstavka) o'rtasiga qiyalashib ketgan tubi yo'q xoldadir. Pastki qismining diametri 17,5 sm yuqoriga qarab tanasi 5 sm gacha torayib boradi. Kuydirishga qadar ochiq likopcha unga o'rnatilgan. Alohida shakl berilgani likopcha singan joyida aniq va yaxshi kuzatiladi. Ikkala qismi ham bir biriga juda yaxshi birikkan. Idish tanasi kulolchilik charxidayasalgandan so'ng qo'shimcha ravishda o'tkir asbob bilan qayta tarashlangan. Tana devorlarining qalinligining 1,5 sm dan 1,8 sm gachadir. Pastki qanotlari tashqi va ichki tomondan kesilgan. Tagligining tashqi pastki qismi 9 ta gorizantal chiziqlar bilan naqshlangan. Ular bir biridan tarnovchalar orqali ajratilgan, chiziqlarda ham o'z navbatida bir oz egilgan bodomsimon naqshlar qator holda ishlangan, ular tamg'a yordamida bajarilgan o'yiq doiralar bilan galma gal keladi. Taglikning uch tomonida bir xil masofada 3 ta yarim ovalsimon uyiq darchalar mavjud. Pastki gorizantal qismi eni 5,5-6 sm, balandligi 6,5-7 sm pastki tomoning o'rtasida har bir darchada yarim oval eni 1 sm, uzunligi 1,5 sm bo'lgan teshiklar mavjud. Darchaning o'rtasida bir tomonda aftidan, ilohiy ayol boshini tasvirlovchi shakl berilgan. Tana va likopchaning birlashgan joyi 4 qator yarim doirasimon gorizontal bog'ichlar bilan bezatilgan. Yuqori qismida uzoq vaqt qo'lda tutib turilgani alomatlari kuzatiladi. Shu sababdan, bog'ichlar uncha sezilmaydi. Likopcha- isiriqdon yarim sharsimon holda og'iz qismining tashqi tomoniga to'g'ri burchakda etilgan. Likopcha tanasida 4 tomonlama 2,5sm oraliq masofada, og'iz qismi pastida uzunligi 3 sm bo'lgan konussimon bo'rtiklar bor. Likopcha balandligi 7 sm, yuqori qismi diametri 16 sm, isiriqdon balandligi 32 sm. Uning qalinligi ba'zi joylarda 0,5 smga ham yetadi. Qasmoqda boshoqli o'simlik urug'lari qoldig'i kuzatiladi. Biz ushbu maqolamiz orqali isiriqdon va uning tarixiga biroz to'htaldik, ajdodlardan qolgan moddiy va ma'naviy merosni o'rganish, asrash va kelajak avlodga yetkazish barchamizning burchimizdir.


Termiz arxeologiya muzeyi Ilmiy kotibi Intizor Zoirova








Surxondaryo viloyatida, Jaqo'rg'on va Qumqo'rg'on tumanlari chagarasida mahalliy aholi “Iskandar ko'prigi” deb ataydigan qadimiy qo'prik saqlanib qolgan. Ko'prikning bunday atalishidan uni Aleksandr Makedonskiy qurdirganmi degan savol paydo bo'lishi tabiiy. Bu savolga javob topish uchun biroz tarixga nazar tashlashimiz kerak bo'ladi. Mazkur ko'prik o'tmishdagi ajdodlarimiz me'morchilik san'atining noyob durdonasi sifatida nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayyohlarga ham katta qiziqish uyg'otib kelmoqda. Keng va baland ko'prik pishiq g'ishtdan yuksak mahorat bilan barpo etilgan. Tarixiy manbalarga ko'ra, Iskandar Zulqarnayn (Makedoniyalik Aleksandrni sharq adabiyotida shunday atashgan) eramizdan avvalgi 329-327 yillarda Amudaryodan o'tib, Shimoliy Baqtiriya hududi (hozirgi Surxondaryo viloyati)ni bosib oladi. Shundan so'ng, bu hududda ko'plab harbiy qal'alar va istehkomlar barpo etadi. Olimlarimizning fikricha, Muzrabot tumanida joylashgan Kampirtepa yodgorligini Makedoniyalik Aleksandr qurdirgan Aleksandriyalardan biri bo'lishi mumkin. Bandihonsoy ustida qurilgan “Iskandar ko'prigi”ni sharq xalqlari afsonaviy qahramoni Iskandar Zulqarnayn sharafiga bunyod etilgan deyishadi. Ammo ko'prikning qurilishi hamda Makedoniyalik Aleksandr bosqini orasida 19 asrdan ko'proq vaqt farqi bor. XVI asrda Buxoro xoni Shayboniylardan bo'lgan Abdullaxon II davrida (1557-1598 yillar orasida) bunyod etilgan ko'prikni Abdullaxon II otasi Iskandarxonga atab qurdirgan va Iskandar ko'prigi deb atashgan. Aniqrog'i noyob va mustahkam inshoot XVI asrda (hozirgi Qumqo'rg'on va Jarqo'rg'on tumanlarining chegarasidan o'tgan Bandixonsoyda) Abdullahon II davrida barpo etilgan. Katta suv oqimiga ega bo'lgan Bandixonsoyda qad rostlagan bu inshootning umumiy uzunligi 70 m. o'tish qismining eni - 5,75m, balandligi - 12.1 metrni tashkil etadi. Bir vaqtda Termiz bilan Chag'aniyon va Hisorni bog'lab turgan savdo-sotiq aloqalarini keng yo'lga qo'yishda muhim ahamiyat kasb etgan karvon yo'lida qurilgan. Uni bunyod etishda pishgan g'isht, alibaster, ohak, qum kabi qurilish materiallardan faydalanilgan. Bugungi kunda ushbu tarixiy ko'prik to'liq ta'mirlanib o'z qiyofasiga keltirildi. V asrdan buyon saqlanib kelayotgan ushbu ko'prikni tomosha qilish, qurilish holatini o'rganish orqali boy tariximizni keng targ'ib qilish imkoniyati mavjud. Yurtimizdagi tarixiy noyob inshootlarni o'rganish, asrab avaylashimizga har birimiz mas'ulmiz.

Muallif: Termiz arxeologiya muzeyi
ilmiy xodimi G.Chubalova