Termiz Arxeologiya Muzeyi
SAHIFA YUKLANMOQDA
Iyun 19, 2019

O’zbekiston Xitoy, Hinditon, Eron kabi kuchli iqtisodiy-madaniy maskanlarni bog’lovchi hudud sanaladi. Bu esa o’z navbatida turli madaniyatlar va dinlar qorishuviga olib kelgan. Bu qorishuv esa Surxon vohasi (Shimoliy Baqtrya) hududida yana ham taraqqiy etgan.  Jumladan bu hududda Islom dini kirib kelgunicha ham Zardushtiylik, Buddaviylik, qadimgi yunon dini, Moniylik kabi dinlarga sig’inuvchilar tinch totuv istiqomat qilishgan.

Zardushtiylik dini gullab yashnagan o’lkalardan biri bu Baqtrya bo’lgan. Zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da yozilishicha [1. “Avesto”. Asqar Mahkam tarjimasi] “Men-Ahura Mazda-yaratgan to’rtinchi sarzamin va go’zal yurt zebo va orasta Baqti diyori edi…”. Qadimgi Baqtryada zardushtiylik dini naqadar rivoj topib keng tarqalganini bugunda olib borilayotgan arxeologik tadqiqodlarda ham kuzatishimiz mumkun. Diniy bag’ri kenglik an-analarini Jarqo’tonda kuzatishimiz mumkun. Bu yerdan shahar aholisi mayitlarni shahar tashqarisida qabrlarga dafn etish keng yoyilgan bir vaqtda [2A.Asqarov O’zbek xalqi va uning kelib chiqish tarixi.] shahar ichidan dashtlik chorvador oriylarning jasadlari kuydiriladigan krematoriya va marxum hoklarini saqlangan 4 ta tosh yashiklar topilgan. Lekin bu yagona zardushtiylik dini yoyilgan hududlardagi krematoriya ham emas. A.Sagdullayev tomonidan  hozirgi Muzrabot tumani hududida olib borgan tadqiqotlari natijasida ochilgan ilk temir davriga oid zardushtiylik diniga umuman zid bo’lgan Pshaktepa yodgorligidan ham krematoriya hamda kuydirligan inson suyaklari va kullar saqlanadigan bo’limlar ochib o’rganilgan. Aynan manashu yodgorlik “Avesto”da eslanadigan Zardushtiylikni qabul qilmagan turlar sardori Xyana urug’i boshlig’i Arjetaspa hukumronlik qilgan mulklardan biri bo’lishi mumkun.  Zardushtiylik an-analari bugunda ham xalq urfodatlarida islom dini bilan qorishgan holda saqlanib qolgan. Yunonlar yurtimizga kirib kelganida Zardushtiylik keng tarqalgan bo’lib bu haqda Strabon shunday guvohlik beradi, ” Bohtariylar devorlaridan tashqari joylari toza bo’lgan, lekin mamlakat ichkarisidagi hududlarning katta bir qismi odamlar suyaklari bilan to’ldirilgan…” deydi.

Eramizdan avvalgi 328-yildan boshlab bu yerga Aleksandr Makedonskiy boshchiligida yunon-makedon qo’shinlari kirib kela boshladi. Lekin bu yerda avvalroq yunonlar kelib yashashlari haqida ma’lumotlar mavjud, bular Branxiylar bo’lib ular [3.Ртвеладзе. Е.В. АлександрМакедонскийвБактриииСогдиане.]Yunon-Fors urushlari davrida Milet shahri yaqinidagi Didemeyon ibodatxonasi koxinlari bo’lib ular Kserksga ibodatxonda xazinasini tortiq qilishadi, ammo urushda yunonlar g’alaba qilishganliklari tufayli vatandoshlari g’azabidan qo’rqgan Branxiylar Kserksdan o’zlarini birga olib ketishlari va yunonlarning hech qachon qo’li yetmas joylarga yuborishin so’rashadi. Natijada Kserks ularni Shimoliy Baqtrya hududiga, Oks daryosi bo’ylariga, tahminan eramizdan avvalgi  480-yillarda, jo’natadi. Aleksandr Makedonskiy Oksni kechib o’tganda, Branxiylar avlodlari Yunonlarni o’zlarini vatandoshlari sanab istiqbollariga non va sharob ko’tarib chiqishadi, ammo Aleksandr Makedonskiy ularni o’tmishdagi xoinliklarini kechirmaydi va hammasini bitta qo’ymay qirib tashlashga buyruq beradi. Yunonlar ham bu yerda o’z dinlarini targ’ib qilishadi va ibodatxonalar bunyod etiishadi.

Vohamizda turli din vakillari tinch va totuv yashaganligining yana bir namunasi Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidan topilgan ko’plab mozor sag’analardir, Eng davt avval aniqlanganlaridan biri bu Bittepa mozorotlari sanaladi. 1979-yilning noyabr oylarida akademik Rtveladze E.V va Kozlovskiy V.A tomonidan topib tadqiq etilgan bu mozorotlar dastlab o’z dafn uslublari bilan o’sha davr qabrlaridan tubdan farq qilar edi.[4Chag’oniyon tarixi2002] Bu sag’analar soy tubidan 15-20 m balandliklardagi qum tepalarga o’yib ishlangan bo’lib jami 7 ta sag’ana topilgan. Har bir mozor (yoki oilaviy xil xona) to’g’ri to’rtburchak yoki kvadrat,xoch simon shakllardagi bo’shliqlardan iborat bo’lib,uning shipi 1,3-1,9 m balandliklda tekis,qubbasimon shakillarda bunyod etilgan. Sag’analarda  10 tadan 18 ta gacha mayitlar qo’yilgan. Jami bo’lib,bu yodgorlikdan yetti guruhga mansub tangalar topilgan. Bular: sosoniy shohlar Peroz va Husrav I Anushirvonning tangalariga taqlidan zarb qilingan tangalar; 2 ( sosoniy shoh Husrav I Anushirvon (531-574 yillar) va Husrav II Parvizning  (590-628 yillar) asl tanga draxmalari;  3) Ukar (yoki Urka) Vartarmuk nomidan zarb etilgan sug’d tangasi; 4) qo’shaloq portretli (suratli) mahalliy chag’oniyon tangalari ; 5) turkashlar tangasi. Garchand Bittepa yodgorliklari majmuidan topilgan Peroz (459-484 yillar), Husrav Anushirvon (531-5799 yillar) tangalariga taqlidan zarb etilgan tangalar  qadimiy tuyulsada,bu turdagi tangalar VI-VII asrlarda ham muomilada bo’lgan. O’z navbatida Bittepadan topilgan turkashlar tangasi VIII asrning birinchi  yarmiga oid. [5. Ртвеладзе Э.В, Козловский В.А. Средневековнй могильник Бит-тепе в Чаганиане//Советская археология.1986,4,С.205] Ayni shu jihatlarni hisobga olgan holda E.V.Rtveladze Bittepa daxmalarida mayyitlar VII asrdan VIII asr boshlariga qadar qo’yilgan degan xulosa kelgan.Bronza davridan boshlangan marxumlarni noz-nematlar bilan dafn etish odati bu yerda kamon o’qi uchlari, xanjarlar va chaqmoqtoshlar kabi buyumlar bilan almashgan edi. Ayrim mayitlar yonidan faqat don chiqishi bu o’sha davr odamlari go’shtli taomlarni donli taomlar bilan almashtirlilganini anglatadi. Bu esa ushbu mayitlar qaysi din vakillariga tegishli ekanligini bildirar edi. Biz bilamzki Moniylik dinining bosh shartlaridan biri bu go’shtli taomlardan vos kechib, o’simliklardan tayyorlangan taomlar istemol qilishlari kerak bo’lgan. Demak VI-VIII asrlarda voha shimolida Chag’oniyonda moniylik dini mavjud bo’libgina qolmay balki hukumron din ham bo’lin olgan edi. Buning isboti sifatida esa Chag’oniyon shohi 719-yili Xitoy imperatori huzuriga Moniylik ta’limoti bo’yicha buyuk ustoz (Buyuk Mosho)ni elchi va din targ’ibotchisi sifatida yo’llaydi. Moniylik dinini Chag’oniyonda keng tarqalganini yana bir isboti Afrasiyob devoriy suratlarida o’z aksini topadi. Unda (Livshis tarjimasiga ko’ra ) Varxuman huzuriga Chag’oniyon humdori Turontosh nomidan kelgan elchilar haqida hikoya qilinadi. Jumladan “So’g’dga kelgan Chag’oniyonliklar Samarqand aholisi orasida o’z diniy e’tiqodlarini joriy etmaydilar va targ’ib qilmaydilar “-deyilgan. Ayni manashu jumlalarda Moniylik dini nazarda tutulgan bo’lsa ajab emas.

Bittepa qabrlaridan mayit og’iz qo’l va yurak o’rinlaridan ko’plab tangalar topilganini aytib o’tgan edik. Bu O’rta Osiyoda milloddan avvalgi asrlardayoq foydalanib boshlangan qadimgi odat bo’lib,bu odatni yunonlar joriy etgan bo’lishlari mumkun. “Xorun oboli” yoki “Xorunga to’lov” deb atalgan bu odat moniylik dini bilan kuzatiladi.

 Baqtrya aholisi eramizdan avvalgi I asrdayoq buddaviylik ta’limoti bilan shug’ullana boshlashgan[6. Qadimgi o’zbekistonda Buddaviylik va Buddaviy meros.2011]. 1932-yilda Termizdan 7 km uzoqlikdan topilgan Ayritom frizi Markaziy Osiyoda Buddaviylik va Buddaviy madaniyatni o’rganishga turtki bo’ldi. Kushonlar hukmronligi davrida Hindiston bilan madaniy aloqalarni kuchayishi tufayli hamda Kanishkadan boshlab yurgizilgan diniy siyosat tufayli buddaviylik benihoya taraqqiy etib rivojlanadi. Mahobatli Qoratepa shakllanadi, u yerda 10 ta yer osti va yer ustiga qurilgan ibodatxona va monastr binolari qazb ochib o’rganildi. 630-yilda Termizda bo’lgan xitoylik sayyox budda roxibi Syuan Szyan (600-664)  shaharda minglab rohiblar yashaydigan o’ndan ortiq  ibodatxona, ko’plab stupalar va buyuk budda siymolari bor ekanligini qayd etadi.

VII asr oxirida Toxaristonni zabt etgan Arab bosqinchilari buddaviy ibodatxonalarni buzib tashlaydilar va roxiblarni xujralarini esa chillaxonalarga aylantirishadi.

O’zbekiston jumladan Surxondaryo hududidan zardushtiy va buddaviy yodgorliklari va majmualarini ko’plab topib o’rganilishi yurtimiz ayniqsa vohamiz aholisi ma’naviy va ma’daniy hayotida bu dinlarni naqadar katta ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi. Buddaviy san’atning tarqalishi mahalliy san’at tarixiga katta hissa qo’shgan, natijada ikki san’at qorishuvini  Qoratepa va Fayoztepa kabi obidalarda yaqqol ko’zga tashlanishini ko’rishimi mumkun. Bu esa shu muqaddas yurtda doimo turli din vakillarini va ularni timsollari do’stona umrguzaronlik qilganini yaqqol namoyon etuvchi mamlakatimiz tarixining eng yorqin sahifalaridan biridir.

Termiz arxeologiya muzeyi Bosh muhofizi  Normo’minov Mansurbek

Fikr bildirish